25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vazirining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tashrif dasturiga muvofiq navbatdagi manzilga jo‘nab ketdi.Muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin oladi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi qo‘shma rejalar diqqat markazida bo‘ladi.
Shuningdek, tafrif doirasida madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqilishi hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilishi ham aytib o‘tilgan. Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etishlari belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22520 | Инструменты