Bu yil xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 5,2 milliard dollarlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Bu haqda 16 yanvar kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.
Investitsiyalarni o‘zlashtirishda haligacha byurokratiya ko‘pligi tanqid qilindi.
Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligida moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha alohida Favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi. Shtab har bir loyihani ichiga kirib, aniq ishlarni amalga oshiradi, har hafta loyihama-loyiha muhokama o‘tkazadi.
Joriy yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 1,1 milliard dollar, Islom taraqqiyot banki bilan esa 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Mutasaddilarga ushbu 2 ta xalqaro bank bilan yaqindan ishlab, tumanma-tuman yurib, tadbirkorlar bilan davlat kafolatisiz qilish mumkin bo‘lgan loyihalarni ko‘paytirish topshirildi. Ularga aniq masʼullar biriktiriladi, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashiladi.
Mamlakatimizdagi 22 ta erkin iqtisodiy zonada ishga tushgan 589 ta korxona o‘tgan yili 42 trillion so‘mlik mahsulot chiqargan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning bor-yo‘g‘i 16 foizi yuqori texnologiyali tovarlar hisoblanadi. Mahsulotlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.
Erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab imtiyoz olmoqda. Lekin bu mablag‘lar tannarxni pasaytirish, eksportga chiqish uchun xizmat qilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Ushbu zonalarda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xorijiy tajribada ham bu o‘zini oqlagani taʼkidlandi.
Bunday zonaning birinchisi Namanganda tashkil qilinib, to‘qimachilikka ixtisoslashadi.
Iqtisodiy kompleks rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqib, ularni eksportga ixtisoslashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11701 | Инструменты