Huawei 1
Prezident mutasaddilarga Angrenda anor sharbati ishlab chiqarishni boshlashni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. 

Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra ko‘p. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan o‘rtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Farg‘onadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.

So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yo‘g‘i 72 million dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘ldi. Bu – o‘tgan yilgidan kam.

Viloyatdagi samarasiz 2 ming 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yo‘qotilayapti.

Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.

Bu borada viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B.Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yaqinda bog‘dorchilik bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.

Ohangaron va Bo‘stonliqda 1 ming gektardan adir va tog‘ oldi yerlarida malina va golubika plantatsiyasini, Parkentda 2 ming gektar va Ohangaronda 1 ming gektarda uzum va gilos bog‘larini tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Bunda, 5 ming aholini, ayniqsa kambag‘al oilalardan bo‘lganlarni daromadli qilish mumkin.

Mutasaddilarga bir yilda 2,2 ming gektar bog‘ va tokzorni yangilash, Angrenda anor sharbatini ishlab chiqarishni boshlash, Ohangaron tumanida olxo‘rini qayta ishlash quvvatini yaratish topshirildi.

Umuman, viloyatni bog‘dorchilik bo‘yicha namunali hududga aylantirib, eksportni 300 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101522 | Инструменты