Qachon uyg‘onamiz, yo o‘rganamiz yoxud o'zbek tili mavqei qayerga qarab ketyapti?
So‘nggi kunlarda o‘zbek tili mavqeini yaxshilash borasida aytilgan fikrlarga qarshi fikrlar bildirilayotgan holatlar uchramoqda. Blogerlarning “Reklama to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘ra 1-sentabrdan barcha reklamalardagi yozuvda o‘zbek tilidagi matnning albatta bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlari esa ba’zi insonlarning e’tiroziga ham sabab bo‘ldi. Bu holatlarni kuzatar ekanman, bundan taxminan 4,5-5 yil avval o‘zim guvohi bo‘lgan bir voqea yodimga tushdi.
Ish yuzasidan yurtimizda faoliyat yuritayotgan idoralardan birida turli hujjat qog‘ozlari (anketa, blanka) to‘ldirishga to‘g‘ri keldi. Xodima qiz menga to‘ldirishim lozim bo‘lgan qog‘ozlarni uzatar ekan, e’tiborim bu hujjatlarning rus tilida yozilganligiga tushdi.
– Kechirasiz, singlim. Menga o‘zbekcha shaklini bering, deya iltimos qildim.
– Uzr, bizda o‘zbekcha varianti yo‘q. Doim bizga kelganlar shu shaklni to‘ldirishadi?
– Nega? – hayron bo‘lib so‘radim, xodima qizdan, – Axir bu davlat idorasiku? Nahot O‘zbekistondagi davlat idorasida hujjatlar faqat rus tilida bo‘lsa?
– Nima, birinchi marotaba duch kelyapsizmi? – biroz jahl aralash javob qaytardi qiz, – Hamma joyda ham borku ruscha hujjatlar?
– Gapingiz to‘g‘ri, boshqa ishxonalarda ham bor, ammo ularda o‘zbekcha shakli ham mavjudda singlim, — yumshoqlik bilan javob berishga harakat qildim.
Xodima qiz esa yana kesatib gapirishda davom etdi: “Agar xohlamasangiz to‘ldirmang. Bizda bori shu. Buni men chiqarganim yo‘q. E’tirozingiz bo‘lsa tushdan so‘ng boshliqni qabuliga kiring”.
Bu gaplardan so‘ng meni ham jahlim chiqa boshladi. Yomon gapirib qo‘ymay deya, zo‘rg‘a o‘zimni bosib, indamay hujjatlarni oldim. To‘ldirish uchun stolga o‘tirib qo‘limga ruchka olarkanman, qiz yana qo‘shib qo‘ydi:
– Rus tilida to‘ldiring, chunki hujjat rus tilida.
Jahlimga jahl qo‘shilib, tishimni-tishimga bosdim. Hech narsa demay, barcha hujjatlarni o‘zbek tilida to‘ldirdimda, qizga uzatdim. Qiz qo‘limdan hujjatlarni olar ekan, jahl aralash menga qarab dedi:
– Bu nima qilganingiz? Ataylabdan qildingizmi bu ishni? Axir men aytdimku sizga rus tilida to‘ldirib bering deb? Agar rus tilini bilmasangiz, o‘rgatib turardim yozishni.
Bu gaplardan so‘ng chidab turolmadim, men ham “portladim”:
– Menga qarang singlim. Sizga bir gap aytaymi? Men dunyoga kelganimda onam o‘zbek tilida alla aytib, ilk bora so‘zlarni qulog‘imga, qalbimga singdirdi. Ilk marta ko‘z ochib ko‘rsam, O‘zbekistonda tug‘ilibman. Shundan so‘ng, dunyoni o‘zbekona nigoh bilan taniy boshladim. O‘zbekistonning non-tuzini yeb ulg‘aydim, meni katta qildi shu yurt. Va hozir ham bu yerda, ya’ni sizning oldingizda O‘zbekistonda turibman deb o‘ylayman. Endi ayting-chi, meni o‘zbek tilida yozmasligim uchun biror sabab bormi?
Gaplarimni eshitishga sabri yetmagan xodima qiz hech narsa demay, jahl bilan boshqa xonaga kirib ketdi.
Mening ham kayfiyatim buzildi. Bu yerdan chiqarkanman, sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng turli xayollar miyamda charx urib aylanar, ularni oxiriga yetolmay, savollar ketidan savollar paydo bo‘lar, biriga javob topsam, yana boshqa yangi savollar chiqardi.
O‘ylab qoldim. Shu darajaga tushib qoldikmi biz? Birgina bu idora emas, ko‘plab idoralarda, korxonalarda ahvol shudir ehtimol? Axir, Allohning bizga bergan, necha asrlar davomida ajdodlarimiz ko‘rishni orzu qilib, ko‘rish nasib qilmagan — Istiqlolning tuhfa etgan ulug‘ ne’matlaridan biri emasmi — o‘zimizning tilimizga ega bo‘lganimiz?! Ayting, dunyoning qaysi davlatida hujjatlar o‘zbek tilida yuritiladi yana? Hech birida, ha hech qaysi davlatda yuritilmaydi. Xo‘sh, shunday ekan, nega endi biz, O‘zbekistonda yashab, davlat tili - o‘zbek tili bo‘la turib, o‘z tilimizda emas, boshqa tilda fikrlashimiz, rasmiyatchilik qilishimiz lozim?! O‘z tilimizni o‘zimiz qadrlamasak, yana boshqa kim qadrlaydi, ayting?! Qaysi xalq, qaysi davlat fuqarosi o‘z tilini chetga surib qo‘yib, o‘zbek tilida so‘zlab, qo‘shiq aytib, yonib yashaydi? Yana shu javob, hech bir xalq, hech bir davlat vakili bunday qilmaydi, qilishni-da istamaydi! Hatto tan olingan jahon tillari miqiyosida qaralganda ham, har qanday tildan o‘z tili ustun turadi har bir xalqni.
Men bu fikrlarim bilan mahalliychilik qilish, yoki biror tilni kamsitish fikridan mutloq yiroqman. Har bir xalqning o‘z tili, urf odatlari o‘zi uchun aziz bo‘lganidek, men ham o‘z tilimni qadrlanishini istayman. Dunyoda o‘zbek degan millatning va o‘zbek tili degan tilning borligini bildirgim, bu tilning nimalarga qodirligi bilan qaddimni g‘oz tutib, faxrlanib yurgim keladi. O‘z tilimni yaxshi ko‘rganim uchun aytyapman bu gaplarni. (Balandparvoz gapiryapti, aqllilik qilyapti deb o‘ylamang, iltimos). O‘zbek tilining qanchalar ulug‘ligini, o‘zbekona urf-odatlarimiz qadrini olis yurtlarda yashab, yurtimiz tuprog‘ini, bayramlarini, to‘ylarini sog‘inib yurganlardan so‘rang. Yana bir gap aytay: o‘tgan yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan Rio olimpiadasini eslang. Dunyoning 100dan ortiq davlatidan minglab sportchilar bahs olib borgan musobaqada, butun dunyo oynai jahon orqali ko‘rib turgan Rioning katta arenasida, O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, sof o‘zbek tilida yurtimiz madhiyasi yangraganida qalbingiz titrab, ko‘zingizga yosh kelmadimi? Birgina mana shu holat uchun ham o‘z tilimizga qulluq qilsak arzimaydimi, ayting?!
Shukrkim, ajdodlarimizning qilgan ishlari, o‘zbek degan xalqning nimalarga qodirligini dunyo ahliga ko‘rsatib turibdi. Ibn Sino, Beruniy, Amir Temur, Bobur, Ulug‘bek kabi ko‘plab allomalarimizning qadim o‘zbek tilida yozgan asarlari jahon olimlari uchun dasturamal, buyuk qo‘llanma bo‘lib kelmoqda. Ular ana shu bebaho asarlarni o‘qish, o‘rganish uchun ham bobolarimiz, ya’ni bizning tilimizga murojaat qilmoqda. Demakkim, tilimizning qudrati buyuk va shunday ham bo‘lib qoladi.
Gaplarim so‘ngida demoqchiman — biz ham ana shu ajdodlarimizga munosib avlod bo‘laylik, o‘z tilimiz bilan jahonni “zabt” etaylik, azizlar!
Komiljon Arslonov jurnalist
Alpha version: 0.9.1.19 build 40709 | Инструменты