Huawei 1
Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida korrupsion holatlar aniqlandi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 2 nafar fuqaroning joriy yil iyul oyida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz va Chiroqchi tumanlari bo‘limlarini kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlariga haydovchi vazifasiga ishga qabul qilinganliklaridan foydalanib, go‘yoki ularning ishga kirishlarida ko‘maklashganini ro‘kach qilib, 6 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs Shahrisabz tuman FVB maʼmuriy binosida so‘ralgan pul mablag‘idan 3,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu kabi qonunbuzilish holati Farg‘ona viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi bosh mutaxassisi fuqaroga davlat xususiy sherikchilik asosida bog‘cha ochishi uchun vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berish evaziga xizmat xonasida 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81514 | Инструменты