Huawei 1
Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanadi

Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qilindi.

Chorvachilik uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 oygacha 14 foizli kreditlar ajratiladi. Bu orqali viloyatdagi 127 ta chorvador to‘liq quvvatga chiqadi.

Yeri ham, fermasi ham mavjud bo‘lgan 630 ta chorvadorga mol sonini 12 ming boshga ko‘paytirishi uchun arzon resurslar ajratiladi.

Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 150 million dollar hisobidan ushbu loyihalarni moliyalashtirishni boshlash topshirildi.

Yil boshidan viloyatda meva-sabzavot eksporti 2 karra oshib, 62 million dollarga yetdi. 

Ko‘kdaladagi 6 ming gektar lalmi yerda tarvuz, viloyatning 13 ta tumanidagi 6 ming gektar ekin yerlarida pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali tarvuzning yillik eksportini 30 million dollarga, pomidorni esa 5 million dollarga yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Pomidor, bodring va boshqa sabzavot urug‘larining importi kattaligi, mahalliy sharoitga mos, unumdor va kasallikka chidamli navlar yo‘qligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Meksikadagi xalqaro g‘alla va makkajo‘xori markazi (CYMMIT) bilan hamkorlik o‘rnatib, 500 turdagi yangi nav olib kelgani maʼqullandi.

CYMMIT vakillari Qashqadaryoda g‘alla va ozuqa ekinlari bo‘yicha markaz ochmoqchi. Eng muhimi, meksikalik hamkorlar o‘zining tezkor nav yaratish texnologiyasini olib kelayapti. Ushbu markaz faoliyatini rivojlantirishga 3 million dollar yo‘naltirish topshirildi.

Bundan tashqari, kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan kartoshka yetishtirish xarajatining yarmi uchun 10 foizdan 12 oy muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.  Kartoshkachilik texnikalari import bojidan ozod etiladi, yuqori avlodli urug‘ xarid qilishda QQSning 50 foizi qaytarib beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62211 | Инструменты