Huawei 1
Qashqadaryoda o‘quvchilarga soliqlarni to‘lash haqida eslatma bergan soliqchilarga hayfsan berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birida xodimlar o‘zini soliq inspeksiyasidan kelganini aytib, o‘quvchilarga soliq to‘lash bo‘yicha tushuntirish bergani aks etgan videolavhalar tarqalgan edi. Viloyat Soliq boshqarmasi xodimlarga chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

“Joriy yil 4 sentabr kuni soliq inspeksiyasining Ishlab chiqarish va yordamchi xodimlar tarkibidan Ro‘zmamat Nurmanov va Bobur Hazratqulov tumandagi 14-sonli o‘rta maktab borib, 3-sinf o‘quvchilariga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari haqida eslatmalarni ota-onalariga yetkazish uchun tarqatgan.

Inspeksiya rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarga eslatmani aynan maktab hududida tarqatish haqida topshiriq berilmagan.

Xodimlar maktab o‘qituvchisi bilan kelishib, sinf xonaga kirgan holda o‘quvchilarga eslatmalarni tarqatgan. Holat sinf rahbari tomonidan videotasvirga olinib, sinf o‘quvchilari ota-onalarining Telegram’dagi guruhiga tashlab yuborilgan. Natijada ushbu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarga salbiy talqinda tarqalib ketgan”, deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Nishon tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Rahimqulovga rasmiy ogohlantirish berilgan. Xodimlar R.Nurmanov va B.Hazratqulovga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Shuningdek, barcha shahar va tuman soliq inspeksiyalari boshliqlari bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirilgan.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi rasmiy kanalida e’lon qilingan mazkur munosabat negadir ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91816 | Инструменты