Qirg‘izistonning “Elkart” milliy to‘lov tizimi O‘zbekistonning “Uzcard” kartasi bilan integratsiyaga tayyorlanmoqda. Bu haqda Ozarbayjonning “Trend” nashri “Elkart” matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Bu bo‘yicha tashkilotlar vakillari joriy yilning 24-oktabr kuni hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bir necha bosqichda yagona to‘lov ekotizimini yaratish rejalashtirilgan.
“Elkart"ning qayd etishicha, birinchi bosqichda ikkita to‘lov tizimining kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Keyin ekvayring, jumladan, bankomatlardan naqd pul yechib olish va boshqa tizimning POS-terminallarida bir tizim kartalari bilan to‘lovlarni amalga oshirish joriy etiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun tranzaksiyalarga minimal vaqt sarflagan holda yangi yechimlardan foydalaniladi, bu esa bir zumda o‘tkazmalarni amalga oshirish imkonini beradi. Foydalanuvchilarga ma’lumotlar xavfsizligi, ruxsatsiz kirish va firibgarlikdan himoyalanish kafolatlanadi.
“Elkart” xorijda kartalar orqali transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati O‘zbekiston va Qirg‘iziston moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilishini kutmoqda. Bu, o‘z navbatida, o‘zaro savdo, turizm va iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120322 | Инструменты