Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, yangilangan Konstitutsiyamizda sudlarning faoliyati hamda shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga oid bir qator konstitutsiyaviy kafolatlar belgilandi. Bu esa o‘z navbatida, amaldagi qonunlarning tegishli normalarini yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni talab etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunga Sudyalar oliy kengashi tarkibi, shu jumladan, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, uning aʼzolari va kotibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga odil sudlov faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari nafaqat barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar, balki fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham majburiy hisoblanmoqda.
Shuningdek, shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, “aybsizlik prezumpsiyasi” va “Habeas korpus” institutini yana-da qaror toptirishga oid qoidalar kiritilyapti.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash, sudyalikning kafolatlarini hamda shaxs huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasi yana-da kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты