Huawei 1
Qish faslida allergiyaga moyil kishilarda qanday patologiyalar ko‘p kuzatiladi? Mutaxassis javob berdi

Allergik xastaliklar ko‘pincha mavsumiy xususiyatga ega. Masalan, bahorda daraxtlar gullashi, yozda o‘simliklar chang zarralari va quyoshning ultrabinafsha nuri, kuzda yomg‘irdan keyin havoga ko‘tariladigan zamburug‘ sporalari baʼzilarda allergik reaksiyalarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, hayvonlar yungi, uy changi, qator oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar, kosmetik hamda kimyoviy vositalar aks taʼsir qiladigan insonlar ham bor.

Xo‘sh, qish faslida allergiyaga moyil kishilarda qanday patologiyalar ko‘p kuzatiladi?

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda maʼlumot berdi.

— Havo harorati pasayishi bilan ayrim insonlarda tez-tez aksa urish, lablar qurishi, ko‘karishi, ko‘z yoshlanishi, toshmalar toshishi, qichishish kabi hollar kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Issiq joyga kirgach esa g‘ayritabiiy alomatlar kamayadi.

Bu — sovuq oqibatida paydo bo‘ladigan allergiyaga xos simptomlar. Yaʼni tananing past harorat taʼsiriga haddan tashqari sezgirligi belgisi. U ko‘proq ayollar va bolalarda kuzatiladi.

Mazkur kasallik, avvalo, immunitet tizimi zaifligini ifodalaydi. Bunday insonlar sovuq bilan yuzlashganda, organizm noyob patologik oqsil — krioglobulin ishlab chiqara boshlaydi. U immunitet hujayralari tomonidan begona unsur sifatida qabul qilinib, hujumga uchraydi. Bu jarayonda faol ishlab chiqariladigan gistamin moddasi allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Xastalik turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘ladi: eshakemi, rinit, konyunktivit, dermatit, astma... Hatto og‘ir holatlarda baʼzi bemorlarda Kvinke shishi ham hosil bo‘lishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani eshakemi bo‘lib, tanada pufakchalar paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. 

Sovuqdan allergiya belgilari izg‘irin harorat taʼsiridan 3-5 daqiqa o‘tgach paydo bo‘ladi va alomatlar 1-2 soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Kasallikning o‘tkir va surunkali shaklida qo‘l, yuz, yonoq va oyoqlarlarda kuchli qichishish yuzaga kelib, so‘ngra terida qizil dog‘ va pufakchalar hosil bo‘ladi.

Baʼzan titroq, umumiy holsizlik, yurak urishi tezlashishi va bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatiladi. Nafas qisishi, taxikardiya, qon bosimi pasayishi, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin.

O‘tkir respirator virusli kasallikka chalingan, allergiyaga nasliy moyilligi bor, oshqozon-ichak yo‘llari va jigar xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarda sovuqqa sezgirlik ko‘proq kuzatiladi. Baʼzan allergiyaning mazkur turini tumov va rinit bilan adashtirib yuborish holatlari ham uchraydi. Shu bois bunday vaziyatda, albatta, allergolog mutaxassisga murojaat qilish lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112023 | Инструменты