G‘azo sektorida 2023-yil oktyabr oyidan beri davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli 17 492 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda anklav hokimiyati matbuot xizmati o‘z Telegram kanalida ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 211 nafari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 825 nafari 1 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Kamida 35 060 nafar voyaga yetmaganlar ota-onasidan biri yoki ikkalasidan ayrilgan, 3500 ga yaqini surunkali to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Ta’kidlanishicha, ko‘chirilgan aholi vakillari joylashtirilgan 204 ta vaqtinchalik markazlar Isroilning zarbalariga uchragan. Bomba portlashi oqibatida 130 ga yaqin ta’lim muassasasi butunlay vayron bo‘lgan, 340 dan ortig‘i sezilarli darajada zarar ko‘rgan. 785 mingga yaqin talaba darsga qatnash va o‘qishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan avvalroq e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, anklavdagi keskinlik tufayli jami 44 mingga yaqin falastinlik halok bo‘lgan va 104 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112020 | Инструменты