Yevropa ittifoqining aksar davlatlari ochiq e’lon qilmasdan Rossiya ichkarisiga uzoq masofali qurollar yordamida zarba yo‘llash uchun Ukrainaga ruxsat berdi. Bu haqda YI diplomatiyasi rahbari Josep Borrel ma’lum qildi.
Borrel AQSHning Ukrainaga Rossiya hududidagi 300 km ichkarida joylashgan nishonlarga zarbalar berishga ruxsat etgan qarorini muhim deb atagan.
Borrelning so‘zlariga ko‘ra, YIga aʼzo baʼzi davlatlar Kiyevga xuddi shunday ruxsatni ochiq, boshqalari yashirin tarzda bergan.
Borrel shu paytgacha bu masalada qaror qabul qilishdan o‘zini tiygan Yevroittifoq davlatlari oxir-oqibat AQSHdan o‘rnak olishiga va Ukrainaga Rossiya hududida o‘z qurollari bilan zarba yo‘llashiga imkon berishiga ishonch bildirgan. Shuningdek, u bu taklif xalqaro huquqqa to‘liq mos kelishini qo‘shimcha qilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rio de Janeyroda bo‘lib o‘tayotgan G20 sammiti arafasida AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalarga ruxsat berish haqidagi fikrni izohlar ekan, “yaxshi qaror” qabul qilinganini aytgan. Makronning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni kuchaytirish to‘g‘risidagi qaror Rossiya tomonidan Shimoliy Koreya askarlarini o‘z qurolli kuchlariga jalb qilish orqali qabul qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112020 | Инструменты