Huawei 1
Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi

“Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida 6 ta kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari faoliyat olib bormoqda. Biroq, hududlarda agrar va oziq-ovqat sanoati sohalarida mutaxassis kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazlari tarqoq holda faoliyat olib borilmoqda.

Shundan kelib chiqib, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimida yuridik shaxs maqomiga ega va davlat muassasasi bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Institutda quyidagi to‘rtta yo‘nalishda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda yagona yetkazib beruvchi hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini to‘lov-kontrakt asosida yo‘lga qo‘yadi:

- vazirlik markaziy apparati, tizimdagi rahbar va mutaxassis kadrlar boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha;

- tizimdagi oliy, ilmiy tadqiqot va professional ta’lim muassasalarini pedagog kadrlari va ilmiy xodimlar ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va pedagogik mahoratlarini rivojlantirish bo‘yicha;

- mahalliy davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarning qishloq xo‘jaligi masalalariga mas’ul mutaxassis kadrlarini sohadagi islohotlar hamda innovatsiyalar bo‘yicha;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlar rahbar va xodimlarini zamonaviy fermerlikka hamda qo‘shilgan qiymat yaratishga o‘qitish bo‘yicha.

Institutda o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Ushbu institut tashkil etilishi natijasida agrar va oziq-ovqat sanoati sohalari mutaxassislari, oliy va professional ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy-pedagog kadrlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek xodimlarning kasbiy, pedagog malaka va mahoratini uzluksiz oshirishning yaxlit tizimi joriy etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты