Huawei 1
Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo'limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza TOHIROVA javob berdi:

— Bemorlar nafaqat qonda qand miqdorining balansiga, balki lipidlar miqdoriga, qon bosimining me'yorda bo'lishiga va qonning quyuqlashmasligiga e'tibor qaratishlari lozim.

Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun sog'lom turmush tarziga rioya qilish – to'g'ri ovqatlanish, serharakat bo'lish, shifokor nazoratida bo'lib, dori vositalarni muntazam qabul qilish tavsiya etiladi.

Kundalik ratsiondan yengil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli va sun'iy bo'yoqli ichimliklar) chiqarib tashlanishi kerak.

Shuningdek, noto'g'ri ovqatlanish, kamharakatlilik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy sababchisidir. Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga inson tanasida mushak to'qimasining kamayib, yog' to'qimasining ko'payishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz bo'lmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.

Kasallikning dastlabki belgilari kuzatilgandayoq shifokorga murojaat qilish lozim. Har bir kishi o'zining tanasi vaznini nazorat qilib borishi, uning me'yoriy ko'rsatkichlardan oshib ketishiga yo'l qo'ymasligi talab etiladi.

Agar insonda diabetga moyillik bo'lsa va u kuchli qo'rquvni boshdan kechirsa, bu insonda kasallikka chalinish ehtimoli bor.

Surunkali davom etuvchi stress holatlari, uyqusizlik, gipertoniya kasalligi hamda qandli diabet 2-turiga moyil bo'lganlarda ayrim dori preparatlarini muntazam qo'llanishi (ayniqsa, glyukokortikoid guruhiga kiruvchi) ushbu kasallikning rivojlanishiga  sabab bo'lishi mumkin.

Me'yordan ortiq ovqat iste'mol qilish va energiyani sarf qilmaslik natijasida organizmda energiya balansi buziladi. Odatdagidek sarf bo'lmayotgan energiya organizmda glikogen va yog'lar ko'rinishida to'planib boradi.

Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvining buzilishiga olib keladi.

Ya'ni, qandli diabet 2-turining paydo bo'lishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlik, nosog'lom va ortiqcha ovqatlanishga bog'liq.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122702 | Инструменты