Bolalar ombudsmani tomonidan joriy yilning 18-19-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan monitoringi davomida mazkur hududda joylashgan 2-sonli tergov hibsxonasida bo‘lib, muassasada saqlanayotgan 2 nafar voyaga yetmagan X.X. va R.T. lar sharoitlari ko‘zdan kechirildi va ular bilan alohida suhbatlashildi.
Monitoring davomida mazkur voyaga yetmaganlar katta yoshli maxbuslar bilan bir kamerada saqlanayotganligi aniqlandi.
Qachonki xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka ko‘ra, hibsxonalarda voyaga yetmaganlar kattalardan ajratilgan tarzda saqlanishi shart bo‘lib, alohida holllardagina bunga prokuror roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Bolalar ombudsmani monitoring doirasida aniqlagan ushbu qonun buzilishi yuzasidan yo‘llagan alohida so‘rovi asosida hibsxonadagi mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi.
O‘rganishda aniqlanishicha, tergov hibsxonasi ma’muriyatining mutasaddi mansabdor shaxslari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2011-yildagi "Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida"gi Qonunning 41-moddasi talablariga rioya qilinmasdan, prokuror roziligini olmasdan turib, voyaga yetmaganlarni katta yoshli shaxslar bilan bir kamerada saqlanganligi uchun bu qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga "qattiq hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Tekshiruvda katta yoshli mahbuslar tomonidan voyaga yetmaganlar huquqlariga zarar yetkazish faktlari aniqlanmay, ayni paytda voyaga yetmaganlar katta yoshli shaxslardan alohida kameraga joylashtirilgan bo‘lib, hibsxona ma’muriyati qonun talablariga qat’iy rioya qilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Bolalar ombudsmani monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi holatlari bartaraf etilishi ustidan o‘z kuzatuvini davom ettirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91800 | Инструменты