Huawei 1
Qurilish materiallari ishlab chiqarishda raqobatbardoshlikni oshirish choralari ko‘rilmoqda

Bugun har bir hudud ulkan qurilish maydoniga aylangan. Har qadamda yangi-yangi turar-joylar, ijtimoiy-madaniy va ishlab chiqarish obyektlari kabi bir-biridan mustahkam va ko‘rkam imoratlar barpo etilmoqda. Ahamiyatli tomoni esa, ushbu jarayon qurilish materiallari sanoatining jadal rivojlanishiga turtki bermoqda.

Joriy yilning 20-iyun kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Samarqand viloyatidagi yirik qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona – “Aziya metall prof” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga uyushtirilgan press turda tarmoqda amalga oshirilgan islohotlarning samaralarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

– Zavodimizning ilk faoliyati 2018 yilda o‘ramali metalldan turli o‘lchamdagi metall quvurlar va profillar tayyorlash bilan boshlangan, – deydi “Aziya metall prof” MCHJ rahbari Rustam Sharopov. – Shundan so‘ng bugungi kungacha mahalliy va tashqi bozor talabidan kelib chiqib yana 3 ta yirik loyihani ishga tushirdik.

Korxona tomonidan 2018-2022-yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 mln. dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Mazkur mablag‘larning 33 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 81 mln dollari esa, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ajratilgan kreditlardir.

Korxonaga tegishli ikkinchi bosqichdagi ishlar 2021-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra yiliga 120 ming tonna o‘ramali metalldan turli qalinlikdagi rux va polimer qoplamali tunuka ishlab chiqarilmoqda.

2022 yildan boshlab korxona mahsulotlari assortimentiga issiq o‘ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham qo‘shilgan. Yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati esa yaqin kunlarda ishga tushiriladi.

O‘tga, suvga bardoshli metall mahsulotlarining barchasi ilg‘or texnologiyalar asosida atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda ishlab  chiqarilmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili korxona tomonidan 3 trln. 444 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan 52,1 mln dollarlik qismi Polsha, Belorussiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Press-turda jurnalistlar Prezidentimizning o‘tgan yil ushbu korxonaga tashrifida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan ham maʼlumotga ega bo‘ldi.

 Xususan, u yerda mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish choralari ko‘rilayotgani taʼkidlandi.

Korxonaning navbatdagi oyna ishlab chiqarish borasidagi loyihasini tadbiq etishda ham shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun jami 120 mln dollar yo‘naltiriladi, 250 ta yangi ish o‘rni barpo etiladi.

Press-tur doirasida Samarqand viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan olib borilayotgan ishlar ko‘lamiga bag‘ishlangan brifing ham o‘tkazildi.

– So‘nggi besh yilda qurilish materiallari sohasida ko‘plab innovatsion loyihalar tadbiq etila boshladi, yangi texnologiyalar faol kirib kelmoqda., – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Nurullayev. – Xususan, viloyatimizda ham ushbu tarmoqda so‘nggi 3 yilda 207 ta yangi korxona tashkil etildi, 50dan ziyod loyiha mahalliylashtirildi. Ularning o‘nga yaqini bankimiz tomonidan moliyalashtirildi. Natijada, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi, valyuta zaxiralarini tejashga, eksportni rivojlantirishga erishildi. Tarmoqda 5700 ta ish o‘rni yaratildi.

Darhaqiqat, “Aziya metall prof” viloyatda eng ko‘p ish o‘rni barpo etgan korxonalar sirasiga kiradi. Bugungi kunda u yerda 700dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты