17-dekabr kuni poytaxtdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda korxona va tashkilotlar yoshlari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi Oliy ligasining final bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 130 dan ortiq jamoalar mavsum davomida saralanib, ular orasidan 6 ta jamoa – Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining “Agrolayf”, Toshkent tibbiyot akademiyasining “Adrenalin”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Shumanay”, Toshkent davlat yuridik universitetining “Yuristlar”, Jamoat xavfsizligi universitetining “Yosh gvardiyachilar” va Ichki ishlar vazirligining “Patrul” jamoalari finalga yetib keldi.
Hazil-mutoyiba, shiddat va original chiqishlarga boy bo‘lgan bahs yakunida:
1-o‘ringa — “Agrolayf” va “Adrenalin” jamoalari;
2-o‘ringa — “Patrul” jamoasi;
3-o‘ringa — “Yuristlar” jamoasi loyiq deb topildi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan birga 1-o‘rin uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 150 million so‘m, 2-o‘rin uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 100 million so‘m va 3-o‘rin uchun Yoshlar ittifoqi tomonidan 75 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlov g‘oliblariga QVZ ko‘chma-kubogi topshirildi.
Tanlovda “Eng quvnoq yigit” va “Eng quvnoq qiz” nominatsiyalari bo‘yicha “Agrolayf” jamoasi a’zosi Baxadir Qutlimuratov va “Adrenalin” jamoasidan Madina Rahmatullayevalar ham e’tirof etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu yil QVZ o‘zining 30-mavsumini o‘tkazmoqda. Tadbir so‘ngida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov so‘z olib, barcha QVZ'chi yoshlarni va tashkilotchilarni yubiley bilan muborakbod etib, ularga omad va zafarlar tiladi.
Ma’lumot o'rnida, ushbu tanlov O‘zbekiston Quvnoqlar va zukkolar assotsiatsiyasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlar agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda homiy tashkilotlar hamkorligida doimiy tashkil etib kelinmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40917 | Инструменты