Huawei 1
Raqobat qo‘mitasi: Yandex Eats Express24 aktivlarining bir qismini sotib olgach, bozorning 87,5%ini nazorat qiladi

25-oktabr kuni “Yandex Uzbekistan” “Express24” yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shartnoma “tez orada” yopilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ular yagona texnologik platformaga o‘tadilar.

Undan keyin Raqobat qo‘mitasi mazkur raqamli platforma operatorlarining ustun (monopol) mavqeini tan oldi. Bitim monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish talablariga javob bermaydi.

Qo‘mita matbuot xizmati “Spot"ga yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olish jarayoniga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Joriy yilning 1-oktabr kuni qo‘mitaga “Yandex Eats” tomonidan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bo‘yicha, shuningdek, “YandexGo UB” tomonidan taksi agregatori xizmati bo‘yicha ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomalar kelib tushdi.

Tegishli buyruq bilan 22-oktabrdan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida “Yandex Eats” va “Express24”, taksi agregatori xizmatlari bozorida esa “YandexGo UB” ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etildi.

Xususan, ustun mavqeni tan olish shartlariga quyidagilar kiradi:

- tushum BHMning 100 ming baravaridan (37,5 mlrd. so‘m) yuqori bo‘lsa;

- faol yakuniy foydalanuvchilarning umumiy o‘rtacha soni har oyda kamida 50 mingni yoki faol tadbirkor foydalanuvchilarning o‘rtacha soni har oyda kamida 3 mingni tashkil etsa;

- xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining muayyan bozordagi bozor ulushi 40%dan ortiq bo‘lsa.

Raqamli platforma operatori ikki oy muddatda yuqoridagi ustunlik ko‘rsatkichlariga erishilganligi to‘g‘risida regulyatorni xabardor qilishi shart.

Bozor ishtirokchilariga raqamli platformalar operatorlariga raqobatni cheklovchi hamda foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini kamsituvchi 20dan ortiq turli xil xatti-harakatlar taqiqlanadi.

Mazkur talablar buzilsa, xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5%i miqdorida jarima, mansabdor shaxslarga nisbatan esa ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlariga ularning faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun Komplayens tizimlarini ishlab chiqish va qo‘mita bilan kelishish talabnomasi yuboriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50810 | Инструменты