Huawei 1
Raqobat qo'mitasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nega aybsiz ekaniga tushuntirish berdi

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ishtirokida kiyimlar do‘koni reklamasi tarqalgani va holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilganidan so‘ng, do‘kon jarimaga tortilgani, vazir esa aybsiz deb topilgani xabar qilingandi. Qo‘mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov vazir nega aybsiz ekaniga tushuntirish berdi.

“Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni doirasida (o‘z vakolat doirasidagi va funksional vazifalari yuzasidan) ko‘rib chiqildi”, deydi Usmonov.

Ma’lumki, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 49-moddasida :

  • reklama beruvchi, 

  • reklama tayyorlovchi, 

  • reklama tarqatuvchi reklamaning aylanishi sohasidagi munosabatlarning sub’ekti sifatida javobgarligi belgilangan. Qonun doirasida boshqa sub’ektlarning javobgarlik asoslari mavjud emas.

Shuningdek, Qonuning 15-moddasida reklamaning asosiy ishtirokchilariga ta’rif keltirilgan. 

Xususan:

  • reklama beruvchi – reklama qilinadigan tovarni ishlab chiqarishni yoki sotishni amalga oshiruvchi ... jismoniy yoki yuridik shaxs;

  • reklama tayyorlovchi – reklamani tarqatish (joylashtirish) uchun axborotni to‘liq yoxud qisman tayyor shaklga keltirishni amalga oshiradigan ... jismoniy yoki yuridik shaxs;

  • reklama tarqatuvchi – reklama vositalari orqali reklama tarqatishni amalga oshiradigan ... jismoniy yoki yuridik shaxs.

“Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Qonun doirasida Madaniyat vazirining reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi, reklama tarqatuvchi sifatida e’tirof etib bo‘lmaydi. Bu esa uning Qonun doirasida reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmasligini anglatadi”, deydi qo‘mita raisi maslahatchisi. 

Bildirilishicha, ishni ko‘rib chiqishda qonunchilik doirasida reklamaning aylanishi sohasidagi munosabatlarning ishtirokchisi sifatida baholanadigan subyektga nisbatan javobgarlik belgilangan. 

“Ushbu holatni boshqa qonunchilik hujjatlari doirasida ko‘rib chiqish Qo‘mitaning vakolatlari doirasiga taalluqli emas. Madaniyat vazirining ushbu reklamada ishtirokini “Davlat va fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni doirasida tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq”, deydi Usmonov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122418 | Инструменты