"Adolat" sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova tezlikni oshirib avtomashina boshqargan haydovchilarni haydovchilik guvohnomasidan umrbodga mahrum qilishga va spirtli ichimlik iste’mol qilib inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirishni taklif qildi.
"Adolat"chilar ma’muriy huquqbuzarliklar va avariyalarda qurbonlar sonini kamaytirish uchun faqatgina jarima miqdorlarini oshirishni oqilona yechim emasligini, moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan haydovchi jarimani to‘lab turib ham yana shunday huquqbuzarlik sodir etmasligi va begunoh insonlarning hayotdan erta ko‘z yumishiga sababchi bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermasligini ta’kidlab o‘tdi.
"Yurtimizda ham tezlikni oshirganlikda muayyan muddatga avtomobil boshqarish huquqini cheklash yoki haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish, shuningdek, tezlikni oshirish, spirtli ichimlik iste’mol qilib inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, shu bilan bir vaqtda, asosiy e’tiborni tarbiyaga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.
Zero, mamlakatimiz yo‘llari piyodalarning yurak hovuchlab yuradigan va otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas. Shuni inobatga olib, "avtomobildagi qotillar" ko‘paymasligini ta’minlash uchun qonunchilikda yuqoridagi kabi jiddiy o‘zgarishlar qilish kerak va shart. Aks holda yo‘llarda yuz berayotgan fojialarning oldini olish imkonsiz bo‘lib qolaveradi", - dedi "Adolat" SDP Siyosiy Kengashi raisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42404 | Инструменты