Kecha, 2022-yil 25-iyul kuni, Rossiyadan ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj bo‘lgan 19 nafar bolalar tegishli mutasaddi idoralar hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.
Vazirlar Mahkamasining qarori va IIVning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, o‘zga yurtda qarovsiz qolib, yordamga muhtoj voyaga yetmagan bolalarni vatanga olib kelish choralari ko‘rildi.
Ishchi guruh a’zolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni to‘plagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ular vatanga olib kelindi.
Ushbu jarayonda ism-shariflari ilova qilingan voyaga yetmaganlarni Moskva shahri Altufyev tumanidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga yetkazib berish va vaqtincha joylashtirishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Rossiya Federasiyasi Prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil M.A. Lvova-Belovaga va uning xodimlariga minnatdorchilik bildirildi.
Respublikada yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimi joriy etildi. Shuningdek, bu bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga keng e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 14-moddasida bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi kafolatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
Ota-onasi bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki ular vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat bo‘lmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘radi.
Qonuniy vakillar hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51323 | Инструменты