Kelishuvlar doirasida tasdiqlangan "Yoʻl xaritasi" ning alohida bandida "Rothschild & Co" kompaniyasini bank-moliya sektoridagi xususiylashtirish jarayonlariga va istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilish belgilangandi.
28-mart kuni muzokaralar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga “Rothschild & Co” kompaniyasi boshqaruvchi direktori va kuzatuvchi kengashi aʼzosi Baronessa Ariyel Mollard de Rotshild boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuxrat Vafayev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik istiqbollarini, shuningdek xususiylashtirish dasturlarini, xalqaro investitsiyaviy faollik sohasidagi joriy tendensiyalarni amalga oshirishda kompaniya tajribasidan foydalanishni, hamda Oʻzbekiston Respublikasining muhim aktivlarini xususiylashtirish borasidagi yondashuvni muhokama qildilar.
Hozirgi vaqtda “SanoatQurilishBank” ATBni xususiylashtirishga tayyorlash masalalari boʻyicha moliyaviy konsultantni jalb qilishga doir ishlar olib borilmoqda. Moliyaviy konsultantning majburiyatlariga xususiylashtirish jarayoni boʻyicha tavsiyalar tayyorlash, ommaviy sotuvlar va roud-shoular oʻtkazish, investorlarni, shuningdek bitimlar qiymatining taxminiy doiralarini belgilash va investorlar bilan oʻzaro munosabatlarni tashkil etish kiradi.
Baronessa Ariyel Mollard de Rotshild:
– Biz janob Vafayev bilan uchrashib ayni vaqtda Oʻzbekistonda olib borilayotgan faoliyatni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻlganimizdan xursandmiz. Biz oʻtgan yili yakunlangan “Coca-Cola” kompaniyasini xususiylashtirish jarayonlarida qatnashganmiz. Endilikda “Uzbekneftegaz” AJni kutilishi mumkin boʻlgan xususiylashtirishga tayyorlash, shuningdek “Uztransgaz” AJ bilan ularning tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun moliya izlash bilan shugʻullanmoqdamiz.
Shuningdek men Xalqaro moliya institutlari koʻmagida xususiylashtirish imkoniyati koʻrib chiqilayotgan “SanoatQurilishBank” rahbariyati bilan muloqotda boʻlganimdan mamnunman. Shuning uchun Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar juda taʼsirli kechmoqda. Biz ushbu muhim ishlarda qatnashayotganimizdan faxrlanamiz. Katta rahmat.


