Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzli maqomga ega bo‘ldi.
Universitet matbuot xizmatining xabar berishicha, QS Stars tizimi oliy taʼlim muassasalarini global miqyosda baholovchi Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda tashkil etilgan. Ushbu tizim universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam beradi.
QS Stars reytingi universitetlarni 13 kategoriya bo‘yicha baholaydi: taʼlim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashuvi, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn taʼlim, innovatsiyalar, sanʼat va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy masʼuliyat, atrof-muhitga taʼsir va tanlangan mutaxassislik. Reytingga kirish uchun universitetlar kamida 8 yo‘nalishni tanlab maʼlumot taqdim etadi.
Reyting tizimining asosiy maqsadi bo‘lajak talabalarga universitet tanlashda qo‘shimcha vosita berish va alohida muassasalar haqida chuqurroq maʼlumot taqdim etishdir.
“QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023 yil 1 noyabrda boshladi va natijalar 2024 yil eʼlon qilindi,” — deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, 8 faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha maʼlumotlar chuqur tahlil qilingan. Natijada universitet maksimal 1000 balldan 780 ball to‘plagan (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun minimal ko‘rsatkich 700 ball).
Taʼlim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ko‘rsatkichning 3 tasida, jumladan, talabalarning taʼlim sifati va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning taʼlimni keyingi bosqichlarda davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ball qo‘lga kiritilgan.
QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi eʼtirof etilgan.
Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashgan. Universitetda tashkil etilgan “Karera” markazi ishga joylashish xizmatlari natijasida bitiruvchilarning ishga joylashishi ko‘rsatkichi ham 5 yulduzga ega bo‘ldi.
Tanlangan taʼlim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika yo‘nalishi tanlangan. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirishda har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi va 94,1 foizi taʼlim sifatida mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110714 | Инструменты