Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlandi.
Taʼkidlanishicha, u Telegram‘da guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan. Ushbu guruhga qariyb 1,5 yil davomida ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan nashidalar yuborilgan.
«Bu qo‘shiqlarni turli kanallarda eshitib qolganman. O‘zimga yoqqani uchun maʼnosini tushunmasdan guruhga joylaganman. Arab tilini umuman bilmayman, faqat qo‘shiq ohangi yoqqan», — deb taʼkidlagan sudlanuvchi.
Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh ko‘zdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi nashidalar borligi va ularning barchasi yigitga tegishli telefondan yuborilgani aniqlangan.
Yigit suddan yengillik so‘rab, qilmishidan pushaymonda ekanini taʼkidlagan. U Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandida (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilgan va 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash) tatbiq etilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111516 | Инструменты