Huawei 1
Senatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar muhokama qilindi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi uchinchi milliy maʼruza muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan milliy maʼruzada 2023-yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar aks ettirilgan hamda ular to‘g‘risida majlisda axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Sohada davlat siyosati izchilligini taʼminlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 – 2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi, ochiq, eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 tagacha kengaytirildi.

Aholiga xizmat ko‘rsatishda korrupsiya holatlarining oldini olishni taʼminlovchi “Onlayn mahalla”“Aholi tomorqasi”“Onlayn-bozor”, davlat xizmatchilarini onlayn rejimda o‘qitishga mo‘ljallangan “Open Data” platformalari ishga tushirildi.

Buning natijasida “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2023-yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘rni 5 pog‘onagaBoshqaruv sifati indikatori va Hukumat ochiqligi bo‘yicha “Open Data Inventory” reytingida 15 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi ham  taʼkidlandi.

Xususan, 2023-yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatdi.

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, ichki nazorat tuzilmalar faoliyatini tashkil etishda ayrim davlat idoralari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, ichki nazorat tizimi joriy etilgan davlat idoralarining 37 tasida tashkil etilgan 996 ta shtat birligidan 172 tasi (17,2 foiz) vakant bo‘lsa, 6 ta tashkilotning 35 nafar xodimiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan.

Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.

Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Tashqi ishlar vazirligi, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida atigi 5 ta shtat birligidan iborat (vazirlik markaziy apparatida) ichki nazorat tuzilmasi tashkil etilgan.

Muhokama jarayonida Senat aʼzolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash lozim.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishini oldini olish zarur.

Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan nazorat tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazilishini taʼminlash, Odob-axloq komissiyalarining faoliyatini kuchaytirish kabi bir qator vazifalar belgilandi va ular Senat qarorida aks etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92115 | Инструменты