Joriy yilning 13-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Parlamentlararo hamkorlik ikki do‘st davlat o‘rtasidagi barqaror siyosiy muloqotning eng muhim jihatlaridan biri ekani taʼkidlandi.
Tomonlar oliy darajadagi o‘zaro tashriflar hamda xalqaro parlament forumlari doirasida kengayib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning izchil surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Parlamentlararo komissiya yig‘ilishlarini hududlarda o‘tkazishning ijobiy amaliyotiga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlarning fikricha, bu hududlararo aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi va joylardagi o‘ziga xosliklarni hisobga olish imkonini beradi. Komissiya parlament aʼzolari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun samarali maydon bo‘lishi hamda ikki tomonlama kun tartibini aniq tashabbuslar bilan boyitishi muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida Parlamentlararo komissiya faoliyati doirasida Samarqandda o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston-Qirg‘iziston turizm forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishda navbatdagi qadam ekani, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasida turizm va madaniy almashinuv sohasida muhim voqea bo‘lgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida hamkorlikni kengaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51400 | Инструменты