Unda bir qancha masalalar, jumladan uy-joy va oila kodekslari, davlat qarzi va sudlar faoliyatiga oid bir qancha qonunlarni ko'rib chiqish rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisini 4-5-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisni ikki kun davomida videokonferensaloqa shaklida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitish rejalashtirilgan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan Buxoro viloyati hokimining turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotini ham eshitadi.
Yalpi majlisda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91003 | Инструменты