Huawei 1
Seulning markaziy ko'chalarida O'zbekistonning tarixiy binolari tasviri tushirilgan avtobuslar harakatlanmoqda

Koreya Respublikasi poytaxtining markaziy ko'chalarida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan fotosuratlar tushirilgan jamoat avtobuslari harakatlanmoqda

O'zbekistonning turizm salohiyatini keng targ'ib qilish maqsadida yurtimizning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan fotosuratlar tushirilgan jamoat avtobusi Seul shahrining markaziy ko'chalarida o'z qatnovini boshladi.

Avtobuslarning tashqi tomoniga YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining qadimiy me'moriy obidalarining fotosuratlari hamda yurtimizga sayyohlarni taklif etish maqsadida koreys tilida "O'zbekistonga marhamat", "O'zbekistonda ko'rishguncha", "O'zbekistonga yo'l oldik" shiorlari yozib qo'yildi.

Mazkur avtobuslar joriy yilning iyul oyidan sentyabr oyiga qadar Seul shahrining markazi va mashhur ko'chalari – Kvangxvamun maydoni, savdo markazlari, universitetlar bo'ylab harakatlanadi.

Yo'lovchilardan biri o'z taassuroti bilan o'rtoqlashib, avtobusda O'zbekistoning go'zal obidalari aks etgan ushbu shaharlarga tashrif buyurganini yodga olib, yana bir bor mamlakatimizga borish rejasi paydo bo'lganini ta'kidladi.

– O'ylaymanki, mazkur reklama loyihasi O'zbekistonning turizm imkoniyatlarini Koreyada keng yoyishga ko'maklashadi, – dedi u. –O'zbekiston tarixiy obidalarga juda boy mamlakat hisoblanib, mehmondo'stligi bilan ajralib turadi. Internet sahifalarida Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashgan O'zbekiston haqida ko'plab ma'lumot va ko'rsatuvlar ko'rganman. O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish qiluvchi ushbu loyiha yurtingizga tashrif buyuruvchi janubiy koreyalik sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90718 | Инструменты