O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekiston shaharlaridagi urbanizatsiya jarayonining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini o‘rgandi.
Tadqiqotda O‘zbekiston shaharlari bo‘yicha 2017-2023 yillarga oid panel ma’lumotlarga asoslangan ko‘rsatkichlar tadbirkorlik rivojiga qanday ta’sir qilishi aniqlandi. Tadqiqot obyekti sifatida respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi o‘rtacha va undan yirik shaharlar guruhiga kiruvchi 25 ta shahar tanlab olindi.
2024-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 51 foizni tashkil etadi va 18,7 mln. dan ortiq fuqaro shaharlarda yashaydi. Mavjud kichik biznes subyektlarining 44,2 foizi, 5 yildan ortiq ish tajribasiga ega tadbirkorlik subyektlarining yarmidan ortig‘i (50,2 foiz) respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi 32 ta shaharda faoliyat olib bormoqda.
Asosiy natijalar.
Shaharlardagi aholi nufusi tadbirkorlikning rivojlanish bosqichini belgilagan holda xizmatlar va sanoat tarmog‘ining o‘sishiga rag‘bat yaratadi. 2017-2023 yillarda mamlakatda shahar aholisining har 1000 nafarga ortishi faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari sonining o‘rta hisobda 35 taga, yillik xizmatlar hajmining 24,1 mlrd. so‘mga, yillik yalpi sanoat mahsulotlari hajmining esa 74,2 mlrd. so‘mgacha ortishiga olib kelgan.
Infratuzilma ta’minoti, xususan oliy ta’lim muassasalari (OTM) ning mavjudligi shaharlarda biznes va xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Shaharlarda bitta OTM bor bo'lsa, bu yiliga o‘rta hisobda 300 ta kichik biznes subyektining tashkil etilishiga, yillik xizmatlar hajmining 270 mlrd. so‘mdan 350 mlrd. so‘mgacha oshishiga zamin yaratdi.
Shuningdek, shaharlarda suv ta’minoti darajasining 1 foizga oshishi yillik xizmatlar hajmining 20 mlrd. so‘mgacha, tabiiy gaz ta’minoti darajasining 1 foizga oshishi esa faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes subyektlari sonining 14 tadan 42 tagacha ortishiga olib kelgan.
Uy-joy maydonlari tadbirkorlik tashabbuslarining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Shaharlar miqyosida uy-joy fondining 1000 kv.m. ga ko'p bo‘lishi yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari sonining o‘rtacha 2,5 taga, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari sonining 1,2 taga ortishini ta'minlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111414 | Инструменты