O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Primorsk o'lkasi hukumatining migratsiya jarayonlarini nazorat qilish boshqarmasi boshlig'i Aleksandr Shishko bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv O'zbekiston Prezidentining shu yil 17-oktabrdagi "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston fuqarolarini Primorsk o'lkasiga qonuniy tartibda va umumlashtirilgan holda ishga jalb etish masalalari ko'rib childi.
Primorsk o'lkasi hukumati vakillari O'zbekistondan kelayotgan mehnat migrantlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi. Shuningdek, hozirgi kunda o'lkada jamoat transportlari haydovchilari, uy-joy kommunal xo'jaligi ishchilari, qurilish va qishloq xo'jaligi sohalarida ishchi kuchga talab yuqoriligi ma'lum qilindi. Mazkur yo'nalishlarga O'zbekiston fuqarolarini ishga jalb etishda amaliy yordam ko'rsatilishi tasdiqlandi.
Primorsk o'lkasi hukumati vakillari O'zbekiston hukumati tomonidan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va ma'naviy tomondan qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, vatandoshlarni qonuniy tartibda chet elda ishga joylashtirish, ularni kasb-hunarga o'qitish bo'yicha tashkil etilgan monomarkazlar faoliyati bilan tanishtirildi.
Bosh konsulxona tomonidan ushbu yo'nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida, O'zbekiston Migratsiyasi agentligi va Primorsk o'lkasi hukumati o'rtasida hamkorlik memorandumini imzolash taklifi ilgari surildi.
O'lka ma'muriyati rasmiylari ushbu taklifni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111423 | Инструменты