Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borrel Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarga Isroil bilan muntazam siyosiy muloqotni to‘xtatishni taklif qildi. Bunga Isroil inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqlarni buzayotgani haqidagi hisobotlar asos bo‘lmoqda. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Hozircha Yevropa ittifoqi bosh diplomatining og‘zaki tashabbusi 18-noyabr kuni Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bo‘lajak uchrashuvida muhokama qilinadi. Isroil bilan siyosiy muloqot 2000-yilda tuzilgan Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim bilan tartibga solinadi. U tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar inson huquqlari va demokratiya tamoyillariga hurmatga asoslanganini ham nazarda tutadi.
YI davlatlari Isroil bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi
Bir necha oy oldin Ispaniya va Irlandiya Yevropa ittifoqi hamda Isroil o‘rtasidagi sheriklik bitimini diqqat bilan o‘rganishni taklif qilgandi. Bir qator diplomatlarga ko‘ra, institutsional siyosiy muloqotni to‘xtatish assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitimning o‘zini to‘xtatishni anglatmaydi. Biroq, bu davr mobaynida Isroil hukumati bilan bu masalalar bo‘yicha biron-bir uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan.
Borrelning muloqotni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifi bir ovozdan ma’qullanishi dargumon, chunki Vengriya va Chexiya kabi davlatlar shu paytgacha Isroil tarafda bo‘lgan. Biroq Yevropa ittifoqi bosh diplomati taklifi a’zo davlatlar o‘rtasidagi muhokamada Isroilning G‘azodagi harakatlariga munosabat sifatida aniq siyosiy signal bo‘lishi mumkin.
Gumanitar tashkilotlar tomonidan keskin tanqid
Oxfam va Save the Children gumanitar tashkilotlari Isroilni AQSH ilgari surgan talablarga rioya qilmagani uchun tanqid qilgan. Ularning ikki kun avval e’lon qilingan qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 800 ming kishi “ocharchilikka yaqin sharoitda” yashamoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Isroil o‘z va’dalarini “jazosiz — G‘azodagi falastinlik tinch aholiga katta talafot yetkazgan holda” buzmoqda.
Hujjatda Isroil nafaqat AQSH tomonidan qo‘yilgan gumanitar yordam ko‘rsatish shartlarini bajarmagani, balki G‘azo sektorining shimoliy qismidagi vaziyatni keskin yomonlashtirgani ham aytilgan. Oxfam va Save The Children kabi 8 ta gumanitar tashkilot Isroil ushbu talablarni bajarmaganini bildirgan.
Huquq himoyachilari fikricha, G‘azoda yordam yetkazib berishning to‘sib qo‘yilishi, aholi yashaydigan hududlarga aviazarbalar berish va tinch aholini himoya qilishning yo‘qligi inson huquqlarining asosiy me’yorlarini buzmoqda. Isroil bu ayblovlarni rad etib, o‘z qurolli kuchlari harakatlari xalqaro huquq normalariga mos ekanini da’vo qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111423 | Инструменты