Shavkat Mirziyoyev faol yoshlarning bir guruhiga davlat mukofotlarini topshirdi

“Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”dagi prezident farmoni imzolangandi. 28-iyun kuni ularga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabriklab, mehru e’tiborini izhor qildi. 

– Mamlakatimiz yoshlarining yutuqlari, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishib, beqiyos kuch va ilhom olaman.  Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha qanday katta imkoniyatlarga ega ekanimizni his etib, xursand bo‘laman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun hayotning har bir jabhasida – davlat boshqaruvida, iqtisodiyotda, ilm va ta’limda, sportu madaniyatda yoshlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar Parlamentlari ish olib bormoqda. Yurtimizdagi har bir tashkilotda yoshlar ishlari bo‘yicha maslahatchi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat va jamiyat zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallagan, jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar bilan qudratli. Shu bois ta’lim tizimi tubdan rivojlantirilmoqda. Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar, oliy o‘quv yurtlari yetuk kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. IT-park, kreativ park va texnoparklarda, madaniyat va sport maskanlarida o‘g‘il-qizlar sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, qobiliyatini charxlamoqda.

Bu sharoitlardan unumli foydalangan yoshlar ilm-fan, sport, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda katta-katta yutuqlarga erishib, Yangi O‘zbekistonni jahonga tarannum etmoqda.

Birgina o‘tgan o‘quv yilida 55 nafar o‘quvchimiz matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Madaniyat va san’at bo‘yicha nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizdan 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 400 ga yaqini 1-o‘rinni egallagan.

Oxirgi 2 yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 900 tadan ziyod oltin, 550 dan ortiq kumush, 731 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Yaqinda Qatarda o‘tgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogida terma jamoamiz O‘zbekiston tarixida ilk bor Olimpiya yo‘llanmasini olishga muvaffaq bo‘ldi.

– Sizlar mana shunday natijalaringiz bilan yangi tarix yaratyapsizlar. Ishonchim komil, xalqimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlar bilan birga, bu natijalar Yangi O‘zbekiston tarixiga, Uchinchi Renessans tarixiga aylanadi, – deya ta’kidladi Prezident.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosati xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Masalan, o‘tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etildi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga, muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga keng jalb etish bo‘yicha 60 dan ziyod tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ma’qullandi.

Shu kunlarda azim Samarqand shahrida Butunjahon yoshlar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bu ham xalqaro e’tirofning yana bir ifodasi ekani ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.

– Bugungi yutuqlaringiz – uzoq yo‘lning boshlanishi. Davlat sharoit yaratishi, kimdur yordam berishi mumkin. Lekin kelajagingiz faqat o‘z qo‘lingizda. Bu yo‘lda barcha yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, orzu-intilishlarida muvaffaqiyatlar tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak ishonch va e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi, o‘qish va ishlarida yanada katta natijalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashini ta’kidlashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, ota-onalar ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70103 | Инструменты