Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev bir-birlarini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 20-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda bir-birini va ikki mamlakatning birodar xalqlarini bahor ayyomi - Navro‘z bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning eng dolzarb masalalari batafsil muhokama qilindi.

O‘tgan yil avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifida erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlik bo‘yicha rejalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama sammitlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32108 | Инструменты