Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaroni fohishalik qilish uchun Turkiyaga Farg‘ona xalqaro aeroporti orqali olib ketayotgan vaqtda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Instagram orqali tanishgan ayol unga Turkiyaga borib, enagalik qilishini aytgan va safar chiptasini, shuningdek, qolgan xarajatlarni qoplashiga ishontirgan. Qiz unga Telegram orqali “zagran” pasportining rasmini yuborgan. Shundan so‘ng ular Turkiyaga uchish uchun ketayotganda qo‘lga tushgan.
“U yoqqa borganimda holim qanday bo‘lishini hech tasavvur qilolmayman. Huquqni muhofaza qilish organlariga katta rahmat aytaman. Aeroportdan kelganimizdan keyin menga juda katta yordam qilishdi. O‘zimni tengdoshlarimga shuni aytib qolaman: agar chet elda ish taklif qilsa, biletlaringni olib beraman, xarajatlaringni hammasini ko‘tarib beraman desa, ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishlaringizni so‘rayman, ertaga odam savdosi qurboni bo‘lib qolmasliklaringizni iltimos qilaman”, deydi u.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32604 | Инструменты