SSV bolalar orasida “g‘ayriodatiy” infeksiya tarqalayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar orasida mavsumiy o‘tkir respirator virusli kasalliklarga o‘xshash, lekin ich ketish va qayt qilish simptomlari bo‘lgan infeksiya tarqalayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Kuzatuvlarga ko‘ra, shamollash mavsumining boshlanishi odatda avgust oyi oxiri va sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda esa bu muddat biroz kechroq – oktyabr oyining oxirgi 10 kunligida boshlandi. Yaʼni bu, ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, hech qanday g‘ayriodatiy holat emas», – deya qayd etadi vazirlik.

Baʼzida respirator belgilar yo‘talish, aksirish, burun achishishi, tana harorati ko‘tarilishi bilan kuzatilsa, ayrim bemorlarda oshqozon-ichak tizimining buzilishi tarzida namoyon bo‘lishi taʼkidlangan.

«Bunday xastaliklar har doim ham bir xil kechmaydi va mazkur holat virusning shtammlari bilan bog‘liq. Yana bir muhim jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Bir paytning o‘zida bakterial va virusli infeksiyalar avj olishi qayd etilmaydi. Yaʼni mikroorganizmlar olamida shunday bir jarayon borki, biri ikkinchisining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Umuman, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Shu bois hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q», – deyiladi xabarda.

Vazirlik, shuningdek, mavsumiy respirator kasalliklar avj olishini koronavirus mutatsiyasi sifatida baholash o‘rinsiz ekanini taʼkidladi. Qolaversa, bugunga kelib COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylanib ulgurgan. Hozirgi paytda mamlakatda koronavirus bo‘yicha ham vaziyat barqaror.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarida O‘RVIni davolash uchun zarur o‘rin-joy va dori-darmon zaxiralari yaratilgani, mamlakatda epidemik vaziyat muntazam monitoring qilib borilayotganini va alohida shtab tuzilgani maʼlum qilingan.

Vazirlik ota-onalarga kasallik belgilari kuzatilgan farzandlarini o‘z vaqtida oilaviy shifokor ko‘rigiga olib borishni tavsiya etgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102719 | Инструменты