Huawei 1
Stomatitdan qanday saqlanish kerak?

Og‘iz bo‘shlig‘i — tiriklik uchun zarur barcha ozuqalar o‘tuvchi manzil. Shu bois uning salomatligi butun organizmning sog‘lom bo‘lishi uchun juda muhim.

Afsuski, hamma insonlar ham og‘iz bo‘shlig‘i va tishlar ozodaligiga yetarli darajada eʼtibor bermaydi. Oqibatda turli xastaliklar kelib chiqadi. Ulardan biri stomatitdir.

Xo‘sh, u qanday kasallik? Stomatitning sabablari, turlari va oldini olish usullari nimalardan iborat?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori Haydar Komilov javob berdi.

— Stomatit — og‘iz bo‘shlig‘i, jumladan, yonoq, til va milk shilliq qavatlarida keng tarqalgan yallig‘lanish, — deydi mutaxassis. — U kattalar va bolalarda birdek uchraydi. Kasallik tufayli og‘izda turli yaralar hosil bo‘lib, aksariyat hollarda ovqatlanish va suyuqlik ichayotganda noqulay og‘riq kuzatiladi.

Xastalini keltirib chiqaruvchi omillar talaygina. Xususan, bakteriya, virus va zamburug‘lar stomatitga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘idagi mexanik jarohatlar, xususan, til yoki shilliq qavatni tishlash, tirnash, qattiq yoxud haddan tashqari issiq taomlar isteʼmol qilish, allergik reaksiyalar, immunitet pasayishi, stress holatlari va noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli ham stomatit kelib chiqadi.

Xastalikning turlari bir qancha. Jumladan, aftoz stomatitda og‘izda kichik yaralar paydo bo‘ladi. Ular juda og‘riqli bo‘lib, bir necha kundan bir necha haftagacha davom etishi mumkin. Gerpes virusi tufayli kuzatiladigan gerpetik stomatit odatda bolalarda ko‘p uchraydi.

Zamburug‘ infeksiyasi oqibatida yuzaga keladigan kandidoz stomatit ko‘pincha immuniteti zaif odamlarda kuzatilib, og‘iz bo‘shlig‘ida oq qavatlar paydo bo‘ladi. Qolaversa, mexanik jarohatlar natijasida travmatik stomatit kelib chiqadi. Allergik stomatit esa oziq-ovqat yoki dori vositalariga allergik reaksiya tufayli hosil bo‘ladi.

Kasallik asosan og‘izdagi yaralar, blisterlar, yallig‘lanish, qizarish, shish, isitma (baʼzi hollarda), ovqat yeya olmaslik va og‘izdagi noqulaylik kabi belgilar bilan kechadi.

Stomatit tashxisi shifokor tomonidan klinik ko‘rik orqali qo‘yiladi. Kerak bo‘lsa, qon tahlillari, yallig‘lanish ostidagi mikrobiologik tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin va shunga qarab davolash muolajasi belgilanadi.

Kasallikning oldini olish uchun, avvalo, og‘iz bo‘shlig‘i ozodaligiga qatʼiy rioya qilish kerak. Buning uchun tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va yotishdan avval) yuvish, og‘izni dorivor giyohlar (moychechak) damlamasi bilan chayish talab etiladi. Shuningdek, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish ham stomatitdan saqlanishda juda muhim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90718 | Инструменты