Vazirlar Mahkamasining "Suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori bilan endilikda suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshliligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladi.
Yaʼni, “damba”larning siljish va cho‘kish dinamikasi “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi.
Amalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integratsiya qilinadi.
Mazkur elektron platformada suv omborlari bo‘yicha kosmik monitoring natijalari, xususan, mavjud to‘g‘onlarning real holati, ulardagi siljish va cho‘kish ko‘rsatkichlari, to‘g‘onlarning seysmik mustahkamligi va favqulodda xavflilik darajasi kabi muhim maʼlumotlar jamlanadi. Jarayonlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida “Suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini o‘rganish komissiyasi” tashkil etiladi.
Maʼlumki, suv omborlari to‘g‘onlarining mustahkamligi darajasini doimiy monitoring qilish ularning deformatsion-kuchlanganlik holatini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, deformatsion-kuchlanganlik holatida to‘g‘on zilzilaga taʼsirchan bo‘lib, eng zaiflashgan nuqtasida favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan taqdirda talafot yetishi ehtimoli ortib ketadi.
Bu chora-tadbirlar suv omborlaridagi to‘g‘onlarning mustahkamlik va yaroqlilik holatini doimiy o‘rganib borish, ularda kuzatilishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldindan tahlil qilish va ulardagi ehtimoliy siljishlarni aniqlash imkonini beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122617 | Инструменты