Suv ta’minotida yangi billing tizimi joriy etiladi
Prezidentning 2020 yil 10 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ham raqamlashtirish, suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasiga zamonaviy innovasion tizimlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda jamiyati “O‘zsuvta’minot” axborot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur strategiya doirasida 2020 yil transport, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini raqamlashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Barchamizga ma’lumki, suv ta’minoti tizimini raqamlashtirish katta e’tibor talab qiladi. Bu borada innovatsion yondashuv ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois “O‘zsuvta’minot” AJ tizimini yangilash va yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlari allaqachon boshlab yuborildi.
Jumladan, “O‘zsuvta’minot” AJ va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda sohaga yangi “billing” tizimini tatbiq etish rejalashtirildi.
Billing tizimini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad: suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida yagona axborot hisobi tizimini yaratish, iste’molchilarning shaffof va maqsadli hisobini ta’minlash, debitorlik va hisob fakturalarini hisobga olishni maqsad qilib qo‘yish, qarzdorlik shakllanishining oldini olishdir.
Bundan tashqari:
- suv iste’moli hisob-kitoblarining shaffofligini ta’minlash;
- aholi va suv ta’minoti inspektorlari uchun mobil ilova (shaxsiy kabinet, ichimlik suvi uchun to‘lov, murojaatlarni tizim orqali yuborish);
- hisobotlarni kerakli ko‘rinishda olish imkoniyati;
- shaxsiy kabinetga kirish bo‘yicha muammolarni bartaraf etish;
- abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash va boshqaruv xarajatlarini kamaytirish.
Yangi “billing” tizimi doirasida aholiga qulayliklar yaratish maqsadida qo‘shimcha funksiyalar ishlab chiqildi.
Yangi billing tizimining nima afzalliklari bor?
Misol uchun, aholi, yuridik shaxs va inspektorlar uchun mobil ilova ishlab chiqildi. Ushbu ilova orqali abonentlar o‘zlarining joriy balansini bilib turishlari va ichimlik suvi hamda kanalizasiya xizmatlari uchun to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirishlari mumkin. Bundan tashqari, my.gov.uz dasturlari orqali kelib tushayotgan murojaatlarni maqbullashtirish imkoniyati ham mavjud.
Yangi billing tizimining texnik topshiriqlarini ishlab chiqish jarayonida rasmiy ijtimoiy tarmoqlarda, “O‘zsuvta’minot” AJning uzsuv_chat rasmiy guruhida suv ta’minotidagi muammolarni aniqlash va hal qilish borasida aholi fikri ham o‘rganilib, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika bo‘yicha yangi billing tizimining to‘liq ishga tushirilishi 2021 yil 1 sentyabrdan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122707 | Инструменты