24-dekabr kuni Tataristonning Malorechenskiy qishlog‘idagi chorva fermasida ishchilar yashayotgan uy yonib ketdi. Rossiya FVV maʼlumotlariga ko‘ra, binoda 39 kishi bo‘lgan, ularning 33 nafari xavfsiz tashqariga chiqib olgan.
Yong‘inni o‘chirish vaqtida 6 kishining jasadi topilgan, ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari.
300 kvadrat metr maydonda, tungi vaqtda sodir bo‘lgan ochiq yong‘in 4 ta texnika yordamida o‘chirilgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘inga elektr jihozlarini ishlatish qoidalari buzilgani sabab bo‘lgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov fojiada 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etganini tasdiqladi. Maʼlum qilinishicha, ayni vaqtda Qozon shahridagi O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari ularning shaxsiga aniqlik kiritmoqda.
"Konsullik xodimlari mahalliy hukumat bilan hamkorlikda ishlamoqda, marhumlarning yaqinlari bilan bog‘lanilib, ularni O‘zbekistonga qaytarish masalasi ham hal qilinadi", — deyiladi maʼlumotda.
17 dekabr kuni Rossiyaning Ulyanovsk oblastidan o‘tadigan federal trassada o‘zbekistonliklar boshqaruvidagi Cobalt yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan edi. YTH oqibatida 5 nafar o‘zbekistonlik vafot etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122518 | Инструменты