Mazkur hujjat xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlar nikohi hamda erta homiladorlik holatlarini barvaqt aniqlash, ular yuzasidan vakolatli organlarni tezkor xabardor qilish va jabrlanuvchilarga ijtimoiy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini belgilaydi.
Hukumatning 2026-yil 25-noyabrdagi 640-sonli qarori bilan “Huquqbuzarlik holatlari haqida xabar qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Yangi hujjat huquqbuzarliklarni, xususan, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlar nikohi hamda 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va ular haqida tezkor xabar berish mexanizmini tartibga soladi.
Huquqbuzarlik holatlari qanday aniqlanadi?
Nizomga muvofiq, xabardor qiluvchi subyektlar o‘z xizmat va kasb faoliyati davomida mazkur holatlarni quyidagi manbalar orqali aniqlaydi:
- Jismoniy va yuridik shaxslarning bevosita murojaatlari;
- Ta’lim-tarbiya jarayonidagi pedagogik kuzatuvlar hamda o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan o‘tkazilgan suhbatlar;
- Fuqarolarga tibbiy yordam va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda dispanser nazoratiga olish jarayonlari;
- Xizmat va kasb faoliyati davomida boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar.
Jabrlanuvchining huquqlari va xabardor qilish majburiyati
Xabardor qiluvchi subyektning mas’ul xodimi xabarnoma yuborilgan vaqtda yoki undan so‘ng zudlik bilan jabrlanuvchiga uning uchun tushunarli va maqbul shaklda quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart:
Vakolatli organlarga xabarnoma yuborilganligi va uning mazmuni haqida;
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan himoya choralari, jumladan, himoya orderi olish imkoniyati haqida;
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda jabrlangan xotin-qizlarga ko‘maklashuvchi boshqa tashkilotlardagi mavjud xizmatlar haqida;
Ushbu markazlar va tashkilotlar orqali bepul yuridik maslahat olish huquqi to‘g‘risida.
Xabar berish tartibi qanday amalga oshiriladi?
Qarorda belgilanishicha, idoraviy axborot tizimlari o‘zaro to‘liq integratsiya qilinguniga qadar xabardor qiluvchi subyektlar aniqlangan holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligining “102” yoki “112” yagona dispetcherlik xizmati tizimiga qo‘ng‘iroq qilish orqali xabar beradilar.
Ushbu chora-tadbirlar jamiyatda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jabrlangan fuqarolarga tezkor huquqiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112616 | Инструменты