Prezident xorijiy tashriflar yakunlari bo‘yicha kelishuvlar ijrosi va 2027-yilgi yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Yig‘ilishda 16–17-noyabr kunlari O‘mon Sultonligiga va 23–24-noyabr kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga amalga oshirilgan davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, strategik sheriklik to‘g‘risida bitimlar imzolangani qayd etildi. Xususan, O‘monga tashrif doirasida 30 dan ortiq hujjat imzolanib, energetika, elektrotexnika, kimyo, tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarida 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi hamda o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilindi. Iordaniyaga tashrif davomida esa 19 ta hujjat, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazishga xizmat qiluvchi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu mamlakat bilan to‘qimachilik, muhim minerallar, farmatsevtika, mineral o‘g‘itlar va agrosanoat klasterlari bo‘yicha qo‘shma loyihalar rejalashtirilgan.

Shuningdek, Turkiya bilan erishilgan kelishuvlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi. Joriy yil yanvar oyida Anqaraga tashrif chog‘ida o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, oktabr oyida O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashi ta’sis etildi. 19-noyabr kuni Toshkentda Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida o‘tgan kengashning ilk yig‘ilishida 11,2 milliard dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi. Parrandachilik, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, shaharsozlik, geologiya va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda har bir mamlakat bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilangan kompleks “yo‘l xaritalari”ni shakllantirish, investitsiya loyihalarini jadal ishlab chiqish va zarur infratuzilmani yaratish, shuningdek, turizm, ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish vazifalari qo‘yildi. Bundan tashqari, 2027-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan yirik xalqaro tadbirlarning kun tartibini mazmunli shakllantirish, ko‘p tomonlama hamkorlikka qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqish va tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish bo‘yicha mas’ul idoralarga topshiriqlar berildi.

Tadbirda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari ham muhokama qilindi. 2030-yilga qadar tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 130 trillion so‘mga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 11 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish hamda 2027–2029-yillarda oltita istiqbolli yo‘nalishda 164 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliylashtirishni oshirish, milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish hamda “Ming nafar muhandis-konstruktor” dasturi orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112521 | Инструменты