Iqtisodiyot va moliya vazirligi KOICA hamda GGGI bilan 8,5 mln dollar grant jalb qilish bo‘yicha hujjatlarni imzoladi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash markazi ochiladi hamda energetika va qishloq xo‘jaligida issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha tajriba loyihalari amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev 25-noyabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Parij bitimining 6-moddasi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini kengaytirishga qaratilgan loyiha uchun 8,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
Loyiha doirasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tartib-qoidalar, qo‘llanmalar va qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish;
- uglerod loyihalarini tayyorlash va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitadigan maxsus markaz tashkil etish;
- qishloq xo‘jaligi, energetika va suv resurslari tarmoqlarida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan tajriba loyihalarini hayotga tatbiq etish.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning xalqaro uglerod bozorida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishi va mamlakatning iqlim maqsadlariga erishishiga ko‘maklashishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda KOICA moliyaviy ko‘magida GGGI Orolbo‘yini “yashil” tiklash investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqargan. U Qoraqalpog‘istonda iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va “yashil” investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112613 | Инструменты