Telefonidan taqiqlangan materiallar chiqqan shaxs 12 yilga qamaldi

Islom dini insonni doimo yaxshilikka, ezgu ishlarga undaydi. Baʼzilar uni niqob qilib, o‘zining g‘araz niyatlarini amalga oshirib kelayotganligi tashvishlanarlidir. Oltiariq tumanida yashovchi Abdumutal Abdurahimov Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan vaqtida islom diniga qiziqishi tufayli internet orqali turli maʼruzalarni eshitgan. Xususan, u “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy terroristik tashkiloti tarafdorlarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgartirishga xizmat qilishga qaratilgan maʼruzalaridagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan video va audio materiallarni eshitib, ularning taʼsirida ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

U Telegram messenjeri orqali oqim tarafdori M. A. bilan aloqa qilib, yozishmalar olib borgan. “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimiga aʼzo bo‘lib, ularning kitoblaridan virtual taʼlim oladi. “Hizbiy xalqa”da virtual tarzda olgan diniy saboqlari natijasida diniy aqidaparastlikka berilib, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan. Mazkur diniy tashkilotga sodiqlik qasamyodini qabul qiladi hamda oylik daromadidan aʼzolik badali to‘lab kelgan. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda diniy oqimning g‘oyalarini faol targ‘ib qiladi.

Oltiariq tumaniga qaytib kelgach, Telegramda turli guruhlarni tashkil qilgan hamda o‘zining tanishlarining profillarini bu guruhga qo‘shgan. Abdumutal Abdurahimov aqidaparastlik g‘oyalaridan saboq berib kelgan. Shuningdek, u faoliyatini davom ettirib, bir necha shaxslarni ham guruhiga jalb etadi hamda diniy oqimning materiallarini tarqatgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Abdumutal Abdurahimovning qilmishlari fosh bo‘ldi. Uning telefonidan olingan ashyoviy dalillar diniy oqimning materiallari ekanligi tasdig‘ini topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudining hukmiga ko‘ra, u 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты