Huawei 1
Temu O‘zbekistonga 46 milliard so‘m soliq to‘lashi kerak — Soliq qo‘mitasi

Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagan. Bu haqda 1-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Mirzayev elektron savdo tizimini soliqqa tortish butun dunyoda muammoga sabab bo‘layotganini qayd etdi. O‘zbekistonda internet orqali savdo qilish tizimini soliqqa tortish bo‘yicha tahlillar elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab tashkilotlarning soliq to‘lashdan bosh tortishini ko‘rsatgan.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari barcha elektron platformalarga soliq majburiyati bo‘yicha ogohlantirish xati berilganini ta’kidladi. Shuningdek, u Wildberries marketpleysi 51 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘laganini, unga ijobiy xulosa berilganini aytib, “qonunchilik asosida ishlashi mumkin, bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, dedi.

“Dastlabki hisob-kitoblar natijasida Temu tomonidan taxminan 46 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bo‘yicha $3,55 mln) soliqlar to‘lanmagani aniqlandi. Marketpleysga ushbu soliq to‘lovlari bo‘yicha e’tiroz xati berilgan. Qachon u soliqlarni to‘lasa, biz faoliyatini legallashtirish imkoniyatini yaratib beramiz”, — dedi Mubin Mirzayev.

Shu bilan birga, Mirzayev hisoblangan soliqlar tekshirilmaganini, soliq qarzdorligi to‘lanmagan holatda, to‘liq tartibda tekshiruv amalga oshirilishini hamda soliq majburiyati bajarilishi yuzasidan alohida ma’lumotlar taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40223 | Инструменты