Mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasida O'zbekiston turistik salohiyati va ushbu jabhada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Unda Latviyaning "Beltravel", "Māksla ceļot", "Latturt", "Interlux", "VivaDelta", "DigiTours", "Antario" kabi yetakchi sayyohlik kompaniyalari va turagentliklari vakillari hamda rahbarlari ishtirok etdi.
Yig'ilganlar e'tiboriga yurtimiz tarixi, tabiati, qadimiy obidalari, milliy taomlarimiz va urf-odatlarimiz, shuningdek, mamlakatimizning turizm yo'nalishidagi mavjud investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlagan taqdimot taqdim etildi.
O'zbekiston ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari tomonidan yurtimizda tibbiy turizmni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar haqida so'zlab berildi. Mamlakatimizda tibbiy va sog'lomlashtirish turizmi imkoniyatlari, jumladan yangi barpo etilayotgan turizm klasterlari, zamonaviy sanatoriylar faoliyati va yangi ishlab chiqilgan "Medical service hospitality" dasturi to'g'risida ta'kidlandi.
Latviya turkompaniyalari vakillari yurtimizda tibbiy turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ushbu yo'nalishda o'zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirishga yuqori qiziqish bildirishdi.
Xususan, "Beltravel" kompaniyasi rahbari Inita Sveydening aytishicha, O'zbekiston qisqa vaqt ichida turizmni rivojlantirish sohasida yuqori natijalarga erishdi. "Boltiqbo'yi mamlakatlari sayyohlari orasida O'zbekistonga qiziqish ortib bormoqda. Bundan tashqari, tibbiy turizm Latviya turkompaniyalari uchun hamkorlikning istiqbolli yo'nalishi sifatida ko'rilmoqda", dedi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120217 | Инструменты