Tibbiyotda oshirilgan kontrakt bekor qilinishi mumkin

Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasiga muvofiq, kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot yo‘nalishlarida oshirilgan kontrakt shakli amaliyoti tugatiladi. Mazkur o‘zgarish bakalavriat bosqichiga taalluqli bo‘lib, qabul jarayoni shaffoflik va sifat mezonlari asosida tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra:

  • bakalavriat, magistratura va rezidentura bosqichlarida har bir o‘quv moduli hamda davlat imtihonlari uchun minimal o‘tish balli shifokor mutaxassisliklari bo‘yicha 70 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun 60 foiz etib belgilanadi;
  • tor soha mutaxassislarini tayyorlash faqat rezidentura va magistratura orqali amalga oshiriladi, qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari bekor qilinadi;
  • birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari (internatura)ga qabul tugatiladi.

Qaror loyihasida ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, klinik amaliyotni kuchaytirish, simulyatsion markazlarda o‘qitishni majburiy tarzda joriy etish hamda kadrlar tayyorlashda ta’lim, fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur chora-tadbirlar sog‘liqni saqlash tizimi uchun raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30313 | Инструменты