To‘lov-kontrakt tartibiga oid nizomga o‘zgartirishlar tasdiqlandi

Adliya vazirligi Ta'lim tashkilotlarida to'lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag'larni taqsimlash tartibi to'g'risidagi nizomga o'zgartirishlarni davlat ro'yxatidan o'tkazdi (ro'yxat raqami: 2431-5, 21.11.2025 y.).

Unga ko'ra, oliy ta'lim tashkilotlarida kontrakt asosida o'qish uchun to'lov quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

- to'lov miqdorining kamida 25 foizi – abiturientlar uchun 15-sentabrgacha hamda yuqori bosqich talabalari uchun 1-oktabrgacha yoki oliy ta'lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha;

- to'lov miqdorining kamida 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgacha va 100 foizi 1-maygacha yoki oliy ta'lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha amalga oshiriladi.

Bunda, Davlat komissiyasi yuqoridagi to'lov muddatlarini uzaytirishi mumkin.

Kontraktdan tushgan mablag'lar xorijiy oliy ta'lim tashkilotlarida istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va ularning stajirovka o'tashlariga sarflanishi mumkin.

Shuningdek, oliy ta'lim tashkilotlari o'z talabalarini ijtimoiy muhofaza qilish doirasida 1 yilda bir talabaga mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 6 barobarigacha moddiy yordam ko'rsatishi mumkin bo'ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112416 | Инструменты