Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi issiqxonalar, qurilish va sanoat korxonalari tekshirilmoqda

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, geografiya fanlari doktori Doniyor Turg'unov 2025-yil 23-noyabr sanasiga kelib Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston sharoitida atmosfera havosining ifloslanish darajasi, sabablari va ko’rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Bu jarayon kichik gradiyentli, yuqori bosimli atmosfera jarayoni hisoblanadi. Jarayon oqibatida inversiya xossalari saqlanib qolmoqda. Inversiya hodisasi havoning vertikal harakatini belgilab beradi. Bunday vertikal harakatning noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida atmosfera havosining ifloslanish turg‘unligi ma’lum darajada saqlanib qolmoqda. Oqibatlarni yumshatish chora-tadbirlari olib borilmoqda.

Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzurida hozirda tunu-kun 24/7 rejimda faoliyat olib boruvchi tezkor shtab tashkil etilgan. Ushbu shtab tezkor tahlil va ilmiy natijalarga asoslangan holda o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Bu faoliyat natijasida joylarda bir qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, Toshkent shahrida ko‘chalarni changdan tozalash va yuvish jarayonlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri hududiga chegaradosh bo‘lgan hududlarda joylashgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyati o‘rganildi. Atmosferaga ta’siri yuqori bo‘lgan 106 ta issiqxona xo‘jaligi faoliyati cheklab qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari ham nazoratga olindi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, qurilish qoidalarini buzgan va atmosfera havosiga ta’siri yuqori bo‘lgan 14 ta qurilish jarayoniga ogohlantirishlar berildi hamda qurilish ishlarini qanday tartibda davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda joylashgan birinchi va ikkinchi toifaga kiruvchi sanoat korxonalari faoliyati ham tahlil qilindi. Tahlil natijasida 305 ta sanoat korxonasida mavjud bo‘lgan 883 ta chang-gaz tozalash uskunalarini modernizatsiya qilish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda tezkor shtab tomonidan ko‘riladigan choralar muhokama qilinmoqda, yangi dasturlar ishlab chiqilmoqda. Dasturlar ikki qismga bo‘lingan: birinchi qismi – tezkor choralar, ikkinchi qismi – keyingi strategik choralarni belgilaydi. Ushbu dastur ishlab chiqilishida Ekologiya qo‘mitasi, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mutaxassislar va olimlar jalb etilgan. Yaqin kunlarda ushbu dasturni tasdiqlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112415 | Инструменты