Toshkent davlat stomatologiya instituti ta'lim jarayoniga AQSH va Chexiya professorlari jalb qilinadi
10 sentyabr kuni Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan “Stomatologiyaning zamonaviy texnologiyalari va metodikalari” mavzusida xalqaro anjumani onlayn shaklda tashkil qilindi.
Onlayn konferensiyada dunyoning o'ndan ortiq nufuzli xorijiy universitetlari vakillari, xususan, AQSH, Chexiya, Rossiya, Belarus, Qozog'iston OTMlarining professorlari ishtirok etdi.
Jumladan, AQShning Boston universiteti professori M.Djabbar, Chexiyaning Olmouts universiteti professori YU.Moroz, Moskva davlat tibbiy-stomatologiya instituti dekani Aleksandr Mitronin, Belarus davlat tibbiyot universiteti professori T.Manak, Minsk davlat tibbiyot universiteti professori N.Shakovets, Qozog'iston davlat tibbiyot universiteti professoroari M.Kopbayeva, B.Janalina, rossiyalik professorlar A.Antonova, L.Lamiashvili, I.Belonova, M.Amxadovalar ishtirok etdi.
– Xalqaro konferensiya yakunida AQSH va chexiyalik professorlar bilan o'quv jarayonlarida hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvga erishdik, – deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov. – Xorijlik olimlar talabalarimizga mutaxassislik fanlaridan onlayn ma'ruza o'qiydi, amaliy mashg'ulotlarni olib boradi. Bu esa talabalarimizga tajribali xalqaro ekspertlardan soha sirlarini o'rganish imkonini beradi.
Tadbirda XXI asr tibbiy ta'lim muammolari va ularning yechimlari, stomatologiya sohasida kadrlar tayyorlashda innovatsion yechimlar, qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish tartibi va amalga oshirish tajribasi, tibbiy oliy ta'lim tizimini nufuzli xalqaro talablarga moslashtirish va yo'nalishlarni xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish kabi muhim mavzularda muhokamalar bo'lib o'tdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты