29-sentabr soat kechki vaqtda Toshkent shahrida RM2,5-mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m3 ni tashkil etib, xalqaro IQAir maʼlumotlar bazasida dunyoda eng ifloslangan shaharlari reytingida 2-oʻrinda belgilandi.
Respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillar bilan bogʻliq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turgʻunligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining koʻpligi, yoʻllarning tirbandligi, keng koʻlamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda.
Maʼlumot uchun, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qoʻshimcha ravishda bir kunda poytaxtga oʻrtacha 150 mingdan 300 mingggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkent shahrida transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021-yilda 212,4 ming tonna, 2022-yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan, yaʼni zararli tashlamalar 190,6 ming tonnaga (47,3 %) koʻpaygan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122122 | Инструменты